Avtomobil markalarining ishonchliligi sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Bu farqlar - ayniqsa yangi va ishlatilgan modellar o‘rtasida - mashinadan foydalanish muddati davomida ta’mirlash va qo‘shimcha tuzatishlarga katta xarajat chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ishonchlilik vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi. Masalan, elektromobil brendlarining ayrimlari so‘nggi yillarda sezilarli taraqqiyot ko‘rsatmoqda: akkumulyator va kuch uzatish texnologiyalari rivojlanib, ilk modellardagi muammolar bartaraf etilgani sari yangi modellar ishonchliroq bo‘lyapti. Yangi infografikada Consumer Repors nashri ma’lumotlari asosida 2026 yilda yangi va ishlatilgan avtomobillar orasida eng ishonchli brendlar ko‘rsatilgan. 2026 yilgi reyting uchun egalari uchragan real muammolarni hisobga olgan holda 380 000 ta iste’molchi hisobotlari tahlil qilingan. Har bir brendga 1 dan 100 gacha shkala bo‘yicha baho berilgan. Bu baho 20 ta asosiy nosozlik toifasi bo‘yicha shakllantirilib, natijada prognoz qilinadigan ishonchlilik ko‘rsatkichi (predictive reliability score) chiqarilgan. Ishlatilgan avtomobillar segmentida esa hozirgi egalari qo‘lidagi 5–10 yillik mashinalarda muammolar qanchalik tez-tez uchrashi hisobga olingan. 2026 yilda Lexus ishlatilgan avtomobillar orasida eng ishonchli brend deb topildi — u eski modellarda yangi modellarga nisbatan yuqoriroq natija ko‘rsatgan. Toyota’ga tegishli premium brend bo‘lgan Lexus yangi avtomobillar bo‘yicha ham eng ishonchlilar orasida uchlikka kirgani uning sifat barqarorligini ko‘rsatadi. Toyota'ning o‘zi ham undan orqada qolmay, har ikki toifada yuqori o‘rinlarni egallagan. Uchinchi o‘rinni ancha orqada qolgan holda Mazda egallagan: bu brendda ishonchlilik ko‘rsatkichi eski avtomobillarda yangi avtomobillarga qaraganda yaxshiroq. Bu holatni ishlab chiqarish jarayonlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘lashadi. Bunga teskari ravishda, ishlatilgan avtomobillar orasida eng ishonchsiz brendlar sifatida Tesla, Jeep va Ram qayd etilgan. Garchi Tesla’ning yangi avtomobillari umumiy reytingda 9-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, eski modellarda ishonchlilik bir qator to‘planib qolgan muammolar sabab sezilarli darajada pasayadi. Biroq yangi Model 3 va Model Y uchun vaziyat umidbaxshroq ko‘rinadi: ularning ishonchliligi o‘rtachadan yuqori, nosozliklar esa ancha kamaygan.